Xozirda O`zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan demokratik huquqiy davlatni shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi tub islohotlar davrida davlat organlari va mansabdor shaxslarning, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va erkinliklarini qo`llab-quvvatlash, ularga rioya etish va ularni himoya qilish uchun mas’uliyatini oshirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. .

Fuqarolarning murojaatlari inson huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish, davlat organlarining aholi bilan aloqalarini mustahkamlashda muhim vositadir. Bir tomondan–fuqarolarning murojaatlari jiddiy axborot manbai bo`lib hisoblanadi va u davlat hamda ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal etish uchun zarurdir, ikkinchi tomondan – bunday murojaatlar fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kafolatlashning eng muhim shakllaridan biridir.

Shu bilan bir qatorda fuqarolarning murojaatlari aholi turli guruhlarining yashab turganjoylaridagi (tumanlar, shaharlar, qishloqlardagi) ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ularning kayfiyatlari va ehtiyojlari to`g`risidagi ma’lumot manbalaridan biri hisoblanadi. Murojaatlarda ko`tarilgan muammolarni o`z vaqtida va sifatli hal etish fuqarolarning ehtiyojlari va talablarini qondirishga katta yordam beradi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining obro`-e’tiborini oshirishga, ularning aholi bilan aloqasini mustahkamlashga xizmat qiladi

Bundan tashqari, fuqarolarning murojaatlari fuqarolar uchun zarur bo`lgan qonun hujjatlarni qabul qilishga ko`maklashadi, shuning barobarida aholining davlat organlari faoliyati ustidan nazoratini kuchaytiradi.

Inson huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ko`rib chiqish va qonuniy hal qilish masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda fuqarolarning murojaatlarini hal etishning milliy qonunchilik bazasi asosini O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etadi.

Asosiy Qonunimizning 35-moddasida: “Har bir shaxs bevosita o`zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko`rib chiqilishi shart”, deb belgilab qo`yilgan.

Mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlarini ko`rib chiqishning o`ziga xos xususiyatlari bir qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan ham tartibga solingan. Bular jumlasiga fuqarolarning arizalari va boshqa xabarlarini jinoiy ish qo`zg`atishga sabab va asoslar sifatida ko`rib chiquvchi O`zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksini, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining xodimlarning mehnat huquqlari buzilishi munosabati bilan mehnat nizolari bo`yicha murojaatlarini ko`rib chiqishga doir qismini, O`zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksini, Soliq kodeksini, Saylov kodeksini, shuningdek “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlarini kiritish mumkin.

O`z o`rnida aytib o`tish kerakki, fuqarolarning murojaat etish huquqidan foydalanishi boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi kerak.

Bozor iqtisodiyotiga asoslangan, ijtimoiy yo`naltirilgan demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyat qurish yo`lida amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida, shubhasiz, inson manfaatlari yotadi. Har bir fuqaro biror-bir muassasaga murojaat etar ekan, qonuniy huquqlari tiklanishi yuzasidan talablar qo`yadi, adolat qaror topishiga ishonch bildiradi. Har bir vakolatli organ yoki muassasa bu masalaga ulkan mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Zero, fuqarolar murojaati qonun muxofazasida ekan, ularning hech biriga befarq qarashga haqqimiz yo`qligi chuqur anglashimiz lozim.

 

Pop tumani adliya bo`limi

yetakchi maslaxatchisi                                                 Sh.Talobayev