
Davlat organlari va tashkilotlarida mansabdor shaxslarning qonun hujjatlarini bilmaslik yoki to`g`ri qo`llamasligi ko`plar fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo`lishi shubxasizdir.
Ta’kidlash joizki, huquqni qo`llash – huquqni amalga oshirishning eng muhim shakli hisoblanadi. Shu bois, huquqni qo`llash muammolarini batafsil va har tomonlama o`rganish hamda uning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglab olish uchun huquqni amalga oshirish tushunchasi va uning o`ziga xos xususiyatlariga to`xtalib o`tish maqsadga muvofiq bo`ladi.
Xususan, huquq normalarini qo`llash vakolatli davlat organi yoki mansabdor shaxslar tomonidan muayyan huquqiy vaziyatlar uchun aniq ko`rsatma (qaror, buyruq, farmoyish) chiqarish orqali huquq normalarini amalga oshirishga yo`naltirilgan faoliyatdir.Huquqni qo`llash faoliyatining samaradorligini o`zagi, eng avvalo, huquqni qo`llovchi sub’yektlarning kasbiy mahorat darajasi bo`lib hisoblanadi.
Huquqni qo`llash jarayoni o`z ichiga quyidagi bosqichlarni qamrab oladi:
1) huquq normalari bilan tartibga solinishi lozim bo`lgan yuridik ishning faktik tomonini o`rganish va o`rnatish;
2) ko`rilayotgan yuridik ishga mos keladigan huquq normasini tanlab olish;
3) ko`rilayotgan yuridik ishga mos keladigan huquq normasining mazmunini aniqlash va uni sharhlash;
4) ko`rilayotgan masalaga oid tanlab olingan huquq normasini qo`llashga qaratilgan hujjatni chiqarish;
5) huquqni qo`llash hujjati chiqarilgandan so`ng,uning bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko`rish;
6) huquqni qo`llash hujjatining amalda bajarilishini tekshirish va uning ustidan nazorat o`rnatish.
Shuni alohida takidlash lozimki, davlat hokimiyat organlarining huquqni qo`llash faoliyatidagi nuqsonlarning asosiy sababi huquqni qo`llash sohasida tajribasizlik ham bo`lishi mumkin.
Huquqni qo`llash faoliyatida xatoliklarning eng og`ir oqibatlari odil sudlov tizimida yuzaga kelishi mumkin.
Xususan, Pop tuman adliya bo`lim tomonidan 2021 yil 9 oyi yakuni bo`yicha 10 dan ortiq tashkilotlar faoliyatida huquqni qo`llash sohasida o`tkazilgan o`rganish va tahlillar natijasi ham amaliyotda tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan daloat bermoqda.
Jumladan, misol tariqasida takidlash lozimki, davlat organlarida mansabdor shaxslari va boshqa xodimlarning O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonunda belgilangan murojaatlarni ko`rib chiqish muddatlari, murojaatlarni ko`rmay qoldirish, murojaatlarni ko`rib chiqishni tugatish hamda murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish tatiblarini bilmasliklari yoki amaliyotda to`g`ri qo`llanilmasligi natijasida fuqarolarning huquqlarini asossiz buzilishiga olib kelish holatlari amaliyotda ko`plab uchramoqda.
Pop tuman adliya bo`limi bosh maslahatchisi Akmal Qodirov








