Ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda davlat organlari va tashkilotlarining mas’uliyati

Barchamizga ma’lumki Mamlakatimizda Ma’muriy tartib-taomillar sohasida davlat organlari va tashkilotlar mas’uliyatini yanada oshirish tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, 2021 yil 8 yanvar kuni qabul qilingan “Ma’muriy tartib-taomillar to`g`risida” Qonun ham buning yorqin dalilidir.

Ushbu qonunning asosiy vazifalari ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iboratdir.

Ma’muriy tartib - taomillar deganda, - ma’muriy organlarning ma’muriy-huquqiy faoliyatini tartibga soluvchi protsessual qoidalar bo`lib, ma’muriy organlarning ularga xizmat yuzasidan bo`ysundirilmagan manfaatdor shaxslar bilan qonun normalariga muvofiq kelib chiqadigan munosabatlarida davlat boshqaruvi vakolatlarini amalga oshirish orqali manfaatdor shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan, ma’muriy-huquqiy faoliyatini tartibga soladigan protsessual qoidalar tushuniladi.

Qonun bilan  ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari quyidagilar belgilandi:

-  ma’muriy organ;

- qabul qilinayotgan ma’muriy hujjat yoki amalga oshirilayotgan ma’muriy harakat o`ziga qaratilgan shaxs;

- huquqlari va qonuniy manfaatlariga ma’muriy hujjat yoki ma’muriy harakat daxldor bo`lgan yoxud daxldor bo`lishi mumkin bo`lgan shaxs hisoblanadi.

Ushbu qonunning amal qilish doirasiga to`xtaladigan bo`lsak, qonun ma’muriy organlarning manfaatdor shaxslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan litsenziya, ruxsat berish, ro`yxatdan o`tkazish tartib-taomillariga, davlat xizmatlarini ko`rsatish bilan bog`liq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’muriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda ma’muriy organlar deyilganda ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida ma’muriy boshqaruv vakolati berilgan organlar, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, shuningdek ushbu faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo`lgan boshqa tashkilotlar va maxsus tuzilgan komissiyalar tushuniladi.

Ushbu qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni undirish, davlat xizmatini o`tash, referendumlar, saylovlar o`tkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qo`llash bilan bog`liq bo`lgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, ma’muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mazkur qonun bilan davlat organlarining idoraviy ichki munosabatlarini emas, balki faqat manfaatdor shaxs va ma’muriy organlar o`rtasidagi ma’muriy-huquqiy munosabatlarni ma’muriy tartib-taomil qoidalari asosida tartibga solinishi belgilab qo`yildi.

Maxsus ma’muriy tartib-taomillarni belgilovchi qonun hujjatlari jismoniy va yuridik shaxslarning holatini yomonlashtirmasligi kerak.

Qonun jismoniy va yuridik shaxslar kundalik faoliyatida duch kelishi mumkin bo`lgan muhim hujjatlardan biridir. Shuning uchun Qonundagi asosiy printsiplari to`g`risida batafsil to`xtalib o`tish lozim. Qonunda ma’muriy tartib-taomillarning asosiy 13 ta printsiplari belgilab berilgan:

Bular:

qonuniylik;

mutanosiblik;

ishonchlilik;

tinglanish imkoniyatining mavjudligi;

ma’muriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi;

manfaatdor shaxslar huquqlarining ustunligi;

byurokratik rasmiyatchilikka yo`l qo`yilmasligi;

mazmunan qamrab olish;

ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi;

teng huquqlilik;

ishonchning himoya qilinishi;

ma’muriy ixtiyoriylikning (diskretsion vakolatning) qonuniyligi;

tekshirishdan iboratdir.

Demak, Qonun bilan bir qator yangi printsiplar (mutanosiblik, byurokratik rasmiyatchilikka yo`l qo`yilmaslik, mazmunan qamrab olish, tekshirish) ma’muriy amaliyotga joriy etilganligini ko`rishimiz mukin.

“Ma’muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi qonunning maqsadi va asosiy vazifalari ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo`lib, ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat bo`lib, kelgusida davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Pop tuman adliya bo`limi boshlig`i  A.Jo`rayev