O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma olti yilliga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev tomonidan «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani haqida to‘xtalib o‘tilgan edi. Haqiqatan ham, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar qabul qilinishida ushbu tamoyilga amal qilinmoqda. So‘nggi yillarda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati va qulaylik darajasi yangi bosqichga chiqdi. Bu borada ko‘plab yutuqlar mavjud bo‘lib, ushbu yangiliklar natijasida xalqimizning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi ortib bormoqda.

Milliy qonunchiligimizda kompozit davlat xizmatlari degan tushuncha mavjud. Buning ma’nosi shuki, fuqarolarga turkum tarzda davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, fuqaro bir muammosini hal etish uchun bir nechta joyga murojaat qilishi lozim bo‘lsa, kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatish orqali mana shu masala bir joyning o‘zida, bir davlat idorasida hal etiladi. Mana shunday tartibni nazarda tutuvchi yana bir normativ-huquqiy hujjatlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 89-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” hisoblanadi.

Inson vafoti yuridik fakt hisoblanib, ushbu holat tegishli hujjatlar asosida belgilab qo‘yilishi lozim. O‘z yaqinining vafoti munosabati bilan fuqarolar o‘lim guvoxnomasini olish, dafn harajatlarining davlat tomonidan qoplanishiga erishish uchun ikki yoki uch davlat idorasi eshigiga borishi lozim edi. Yuqoridagi hujjat asosida ushbu masala anchagina soddalashtirildi. Quyida ushbu hujjat orqali yaratilayotgan yengillik va reglamentning asosiy qoidalari asosida kompozit xizmat ketma-ketligiga to‘xtalib o‘tamiz.

Avvalo, ushbu hujjatga binoan sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan o‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali o‘lim haqida tibbiy ma’lumotnoma shakllantirish tartibi joriy etildi. Reglamentga ko‘ra tibbiyot muassasasi xodimi – o‘lim holati tasdiqlangandan so‘ng, vafot etgan shaxs haqidagi ma’lumotlarni FHDYO bo‘limiga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi. FHDYO bo‘limi – axborot tizimi orqali avtomatik ravishda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etadi va ma’lumotni tibbiyot muassasasi va Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda yuboradi. Tibbiyot muassasasi xodimi – QR-kod tasviri tushirilgan o‘lim haqidagi ma’lumotnomani ariza beruvchilarga darhol ikki nusxada chop etib beradi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi esa – har oyning 5-sanasigacha o‘tgan oyda ushbu hududda to‘langan dafn etish uchun nafaqalarning umumiy miqdoridan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni Tijorat bankining hisobvarag‘iga moliyalashtiradi. Tijorat banki – QR-kod tushirilgan o‘lim haqidagi ma’lumotnoma asosida Pensiya jamg‘armasiga elektron so‘rov yuborish orqali tasdiqlaydi hamda oldindan moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobidan nafaqa to‘lovini amalga oshiradi. FHDYO bo‘limi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo‘rlarining istalgan vaqtdagi talabiga asosan eksterritorial tamoyil asosida o‘lim haqidagi gerbli guvohnomani chop etib beradi yoki pochta aloqasi orqali arizada ko‘rsatilgan manzilga yuboradi. Ya’ni bu masalada fuqaro o‘zi doimiy yashaydigan hududda joylashgan FHDYO organiga murojaat qilishi shart emas. Bu turkum xizmatdan respublikaning istalgan hududida foydalanish mumkin. Qisqa qilib aytganda, o‘lim haqida tibbiy ma’lumotnoma berish, o‘limni qayd qilish, vafot etgan shaxsni dafn qilish uchun qabristonga ma’lumotnoma berish va dafn etish uchun nafaqa berish bo‘yicha kompozit davlat xizmatlari joriy etildi.

Joriy etilgan ushbu o‘zgarish fuqarolarning ortiqsa ovoragarchilik va sarson bo‘lishining oldini oladi, FHDYO organlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan navbatlarni keskin kamaytiradi. Yaqin insoning vafotidan ruxiy tushkunlikda bo‘lgan yaqin qarindoshlarning o‘z masalasini hal etishi uchun turli davlat idoralarga borishi ularning bu holatini og‘irlashtirar edi. Joriy etilgan turkum xizmatlar esa ularning og‘irini yengil qilishga xizmat qiladi.

 

Qodiraliyeva Maftuna Baxtiyorjon qizi

Pop tuman 1-sonli FHDYO bo‘limi inspektori