Янгиликлар
Hozirda 58 yoshdaman ishlayotgan korxonam tugatilganligi munosabati bilan ishsiz qolganman. Men ushbu yoshimda ham yoshga doir pensiyaga muddatidan oldin chiqishim mumkinmi?
SAVOL
Hozirda 58 yoshdaman ishlayotgan korxonam tugatilganligi munosabati bilan ishsiz qolganman. Men ushbu yoshimda ham yoshga doir pensiyaga muddatidan oldin chiqishim mumkinmi?
JAVOB
✅ “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to`g`risida”gi qonunining
14-moddasiga asosan Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o`zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o`zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar::
• erkaklar — 58 yoshga to`lganda va ish staji kamida 25 yil bo`lgan taqdirda;
• ayollar — 53 yoshga to`lganda va ish staji kamida 20 yil bo`lgan taqdirda pensiya olish huquqiga ega bo`ladilar.
Bunda, ishdan ozod etilgan shaxslar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan so`ng o`ttiz kalendarь kun ichida o`zlarining yashash joyidagi tuman (shahar) aholi bandligiga ko`maklashish markaziga ish qidirayotgan shaxs sifatida murojaat qilsalar, markaz xodimlari bunday shaxslarga uch oylik davr ichida, agarda ular o`ttiz kalendarь kundan keyin murojaat qilsalar o`n kun muddat ichida maqbul keladigan ishni topishda yordam berishlari kerak.
Agar ish qidiruvchi shaxslarga tuman (shahar) aholi bandligiga ko`maklashish markazi tomonidan yuqorida ko`rsatib o`tilgan muddatlar ichida ikki marta maqbul keladigan ish taklif qilinmasa, tuman (shahar) aholi bandligiga ko`maklashish markazida ish qidiruvchi shaxs sifatida ro`yxatga olingan kundan boshlab ishsiz deb e’tirof etiladilar.
Tuman (shahar) aholi bandligiga ko`maklashish markazi ishsiz deb e’tirof etilgan va muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo`lgan fuqarolarga taqdimnoma tayyorlaydi va 5 kun muddat ichida tegishli O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining tuman (shahar) bo`limiga yuboradi.
Tuman (shahar) aholi bandligiga ko`maklashish markazi tomonidan berilgan taqdimnoma byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining tuman (shahar) bo`limi tomonidan muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlashga albatta asos bo`lib hisoblanadi.
Pop tuman adliya bo`limi yetakchi maslahatchisi Sherzod Talobayev








