SAVOL Barchamizga ma’lumki 2022 yil 29 iyun kuni “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish tartib-taomillari to`g`risida”gi 781-sonli qonun qabul qilindi. Nima uchun alohida qonunga ehtiyoj tug`ildi? Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish, shuningdek, olib qo`yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ob’yektlarni buzib tashlash ko`plab davlatlarda dolzarb muammo hisoblanadi va ushbu masalalarning lozim darajada huquqiy tartibga solinmasligi aksariyat hollarda aholi orasida noroziliklarga sabab bo`ladi. Ushbu qonun qabul qilingunga qadar Vazirlar Maxkamasining 2019 yil 16 noyabr kungi 911 qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo`yilishi va olib qo`yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to`g`risida”gi nizom yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yishga oid bir qator masalalarni tartibga soldi. Biroq, yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yishda jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini kuchaytirish borasida qonun darajasida hal etilishi lozim bo`lgan ayrim masalalar saqlanib turibdi. Zero, yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishining aniq tartib-taomillari va mexanizmi O`zbekiston Respublikasining Yer kodeksida ham aniq belgilanmagan. Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo`yish sohasidagi xorijiy tajribada, bu kabi o`ta muhim ijtimoiy-huquqiy munosabatlar aynan qonun darajasida tartibga solingan. Masalan, shunday qonunlar Yaponiya (“Ekspropriatsiya to`g`risida”gi Qonun), Koreya Respublikasi (“Yer uchun kompensatsiya berish to`g`risida”gi Qonun), Shvetsiya (“Ekspropriatsiya to`g`risida”gi Qonun), Finlyandiya (“Ekspropriatsiya to`g`risida”gi Qonun), Estoniya (“Ko`chmas mulkni ekspropriatsiya qilish to`g`risida”gi Qonun) va bir qator boshqa davlatlarda qabul qilingan. Shu ham alohida takidlash lozimki, O`zbekiston respublikasi konstitutsiyasining 53-moddasida Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkinligi belgilangan. Bu bilan fuqarolarning hamda tajbirkorlik sub’yektlarining yer uchastkaga bo`lgan huquqlari yana bir bor mustahkamladi. Pop tuman adliya bo`limi bosh maslahatchisi A.Qodirov