Kadastr hujjati bepul bo`ldimi? Respublikamizda aholiga qulaylik yaratish, hududlardagi mavjud resurslardan samarali foydalanish, aholiga maishiy, savdo, transport, tibbiy va boshqa turdagi zamonaviy xizmatlarni ko`rsatishda qulayliklar yaratish hamda aholining turmush darajasini yanada oshirish maqsadida aholi punktlari chegaralariga o`zgartirishlar kiritiladi. Xabaringiz bor, bir tuman yoki shaharning ma’lum bir qismini ikkinchi tuman yoki shaharga qo`shilishi yoki yangi tuman/shahar shaklida tashkil etilishi, kelgusida ushbu hududlarda yashovchi aholining yashash manzili nomiga va kadastr hujjatlariga tegishli o`zgartirishlar kiritish zaruratini yuzaga keltiradi. O`z navbatida fuqarolar mavjud kadastr hujjatlarini yangisiga almashtirishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq ma’lum bir to`lovlarni amalga oshirar edi. Joriy yilning 28 sentyabrь kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 541-son qarori bilan Hukumatning 2014 yil 10 iyuldagi “Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to`g`risida”gi 186-son qaroriga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Unga muvofiq endilikda qonunchilik hujjatlariga muvofiq aholi punktlarining nomlanishi va chegaralari o`zgarganda, shu jumladan bir hududdan boshqa hududga o`tkazilganda (turar yoki noturar ko`chmas mulk ob’yektida rekonstruktsiya, qo`shimcha va alohida qurilish mavjud bo`lgan hollar bundan mustasno) davlat xizmatlari ko`rsatilganligi uchun yig`imlar undirilmasligi belgilandi. Ma’lumot uchun. Oliy Majlis Senatining “Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O`rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug`bek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o`zgartirish to`g`risida” 2021 yil 27 avgustdagi SQ-379-IV-son qarori bilan Toshkent viloyatining bir qator aholi punktlari Toshkent shahriga o`tkazilgan bo`lib, ushbu hududlarda yashovchi aholimiz mazkur qulaylikdan foydalanishlari mumkin. Pop tuman adliya bo`limi