Ma’lumot o`rnida ta’kidlash lozimki, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to`g`risida”gi qonunning 14-moddasida va Adliya vazirligi tomonidan 1999 yil 7 yanvarda 588-son bilan davlat ro`yxatidan o`tkazilgan “Alohida asoslarga ko`ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo`shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to`g`risida”gi yo`riqnomada bu masalaga juda aniq yechim berilgan.
Qonunning 14-moddasida va 588-sonli Yo`riqnomaning 2 va 3-bandlariga ko`ra texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o`zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o`zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan bo`shatilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar:
➖ erkaklar — 58 yoshga to`lganda (aslida 60 yosh, demak ikki yil avval) va ish staji kamida 25 yil bo`lgan taqdirda;
➖ ayollar — 53 yoshga to`lganda (aslida 55 yosh, demak ikki yil avval) va ish staji kamida 20 yil bo`lgan taqdirda pensiya olish huquqiga ega bo`ladilar.
Demak, yuqoridagi alohida asoslar (MK 100-modda ikkinchi qism 1-bandi, yangi MK 161-modda ikkinchi qism 1 va 2-bandlari)ga ko`ra mehnat shartnomasini bekor qilinganda muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun xodimning yoshi va umumiy staji yuqoridagi talablarga to`g`ri kelishi kerak.
Xo`sh, bunday pensiya tayinlanishi uchun nimalar qilish kerak?
- Avvalo, ishdan bo`shatilgan xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan so`ng 30 kalendarь kuni ichida yashash joyidagi Aholi bandligiga ko`maklashish markazi (ya’ni, Markaz)ga ish qidiruvchi shaxs sifatida murojaat qilsa, Markaz xodimlari bunday shaxsga 3 oy muddat ichida, agarda ular 30 kalendarь kundan keyin murojaat qilsalar 10 kun muddat ichida maqbul keladigan ishni topishda yordam berishlari kerak.
- Agar ish qidiruvchi shaxsga Markaz tomonidan yuqorida ko`rsatib o`tilgan muddatlar ichida 2 marta maqbul keladigan ish taklif qilinmasa, bunday holda xodim Markazda ish qidiruvchi shaxs sifatida ro`yxatga olingan kundan boshlab ishsiz deb e’tirof etiladilar.
- Markaz ishsiz deb e’tirof etilgan va muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo`lgan fuqaro bo`yicha maxsus taqdimnoma tayyorlaydi va 5 kun muddat ichida tegishli Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining tuman (shahar) bo`limiga topshiradi.
📃 Markaz tomonidan berilgan maxsus taqdimnoma byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining tuman (shahar) bo`limi tomonidan muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlashga asos bo`lib hisoblanadi (Yo`riqnomaning 6-9-bandlari).
Pop tuman adliya bo`limi








