Ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish deganda, amaldagi MKning 100-moddasi 2-qismidagi 7 ta bandni tushunsak, yangi tahrirdagi MKning 161-moddasi 2-qismidagi 6 ta bandni, ya’ni 6 ta asosni tushunamiz.
Hozir esa gap homilador ayollar va 3 yoshga to`lmagan bolasi bor ayollarni ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo`shatishda ularga berilgan imtiyozlar haqida: amaldagi va yangi tahrirdagi MKlardagi farqlar haqida.
Amaldagi MKning 237-moddasiga asosan "homilador ayollar va uch yoshga to`lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo`l qo`yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno". Bu qoidadan habardormiz to`g`rimi?
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 408-moddasi 1-qismiga ko`ra:
➖homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko`ra bekor qilishga yo`l qo`yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo`linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.
Ya’ni, agar ayol xodim homilador bo`lsa, korxonani tugatish holatlaridan tashqari, ish beruvchi tashabbusi bilan bog`liq boshqa birorta vaj bilan uni bo`shatish mumkin bo`lmaydi: qisqartirish sababli ham, attestatsiya bo`yicha lavozimiga noloyiq deb topilganda ham, mehnat vazifalarini muntazam yoki bir marta qo`pol buzilganda ham, va hokazo.
Yangi MKning 409-moddasi 1-qismiga ko`ra:
➖3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha bo`lgan bolani yolg`iz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko`ra bekor qilishga faqat ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1, 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo`yicha yo`l qo`yiladi.
Demak, yangilikka qarang: imtiyoz nafaqat onaga, balki 3 yoshga to`lmagan bolani yolg`iz o`zi tarbiyalayotgan otaga (vasiyga) ham berilmoqda. Lekin, bu xali asosiysi emas.
3 yoshgacha bolasi bor ayolni (va 3 yoshga to`lmagan bolani tarbiya qilayotgan yolg`iz otani) yangi MKning 161-moddasi 1, 4 va 5-bandlari bilan bo`shatishga yo`l qo`yiladi deyilmoqda. Yangi MK 161-modda 2-qismi 1-bandi bu xodimni tashkilot (yoki alohida bo`linmasi)ning tugatilishi sababli bo`shatish asosi, bu amaldagi MK 100-moddasida ham bor, ya’ni bu unchalik yangilik emas.
E’tiborli jixati, yangi MKning 161-moddasi 2-qismi 4-bandi – bu xodim mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi, 5-band esa mehnat vazifalarini bir marta qo`pol ravishda buzganligi munosabati bilan ishdan bo`shatish asoslaridir.
Yangi Mеҳнат кодекси kuchga kirsa, 3 yoshgacha bo`lgan bolasi bor ayollarni ham mehnat vazifasini muntazam yoki bir marta qo`pol ravishda buzganligi uchun (yangi MKning 161-moddasi 2-qismi 4 va 5-bandlari bilan) ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo`shatish mumkin bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, yangi MK 2023 yil 30 apreldan kuchga kiradi.
Pop tuman adliya bo`limi








