Qaysi jismoniy shaxslar mol-mulk solig`ini to`lashdan to`liq ozod qilingan?
Quyidagilar ozod qilinadi:
“O`zbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo`lgan, uchala darajadagi “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar;
urush nogironlari va qatnashchilari;
harbiy xizmat yoki ichki ishlar organlaridagi va O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog`ida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo`lganligi oqibatida yoxud frontda bo`lish bilan bog`liq kasallik tufayli halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari). Beva xotinlarga (beva erlarga) soliq imtiyozi faqat ular yangi nikohdan o`tmagan taqdirda beriladi;
energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to`liq uzib qo`yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanadigan energiya manbalari o`rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga;
yetim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar. Mazkur imtiyoz yetim bolalarga va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joy uchun ular 23 yoshga to`lguniga qadar amal qiladi.
Kimlar mol-mulk solig`ini to`lashdan qisman ozod qilingan?
Quyidagi jismoniy shaxslarning mulkida bo`lgan mol-mulk 60 kv.m doirasida soliq solishdan ozod qilingan:
10 nafar va undan ortiq bolalari bor ota-onalaridan biri;
pensionerlar;
I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslar.
Yuqorida ko`rsatilgan shaxslar soliq imtiyozini olishga bo`lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq solish obekti joylashgan erdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.
Soliq imtiyozlari mulkdorning tanloviga ko`ra faqat 1 yashash uchun mo`ljallangan ko`chmas mulk obektiga tatbiq etiladi, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar bundan mustasno.
Soliq kodeksi 421-modda
Pop tuman adliya bo`limi
Nikoh tuzish va ajratishni qayd etish uchun arizalarni DXM orqali qabul qilish bo`yicha eksperiment o`tkaziladi.
“Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori (540-son, 28.09.2022 y.) qabul qilindi
Qarorga muvofiq, tug`ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik dalolatnomalarini yozish bo`limlarida qayd etish tartibi 2023 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 2023 yil 1 iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi.
Tug`ilganlik holati FHDYo bo`limlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan QR-kod tasviri tushirilgan ma’lumotnoma beriladi va ushbu ma’lumotnoma tug`ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi va davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.
Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo`yicha huquqiy eksperiment o`tkaziladi.
Huquqiy eksperiment 2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 iyulgacha amalga oshiriladi.
Shunga ko`ra, qaror bilan Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun davlat xizmatlari markazlari orqali arizalar qabul qilish tartibi to`g`risidagi vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Nikohga kirish haqida ariza berilganda nikohlanuvchi shaxslarning yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig`inini xabardor qilish tartibi bekor qilindi.
Pop tuman adliya bo`limi Pop tuman davlat xizmatlari markazi
Kadastr hujjati bepul bo`ldimi?
Respublikamizda aholiga qulaylik yaratish, hududlardagi mavjud resurslardan samarali foydalanish, aholiga maishiy, savdo, transport, tibbiy va boshqa turdagi zamonaviy xizmatlarni ko`rsatishda qulayliklar yaratish hamda aholining turmush darajasini yanada oshirish maqsadida aholi punktlari chegaralariga o`zgartirishlar kiritiladi.
Xabaringiz bor, bir tuman yoki shaharning ma’lum bir qismini ikkinchi tuman yoki shaharga qo`shilishi yoki yangi tuman/shahar shaklida tashkil etilishi, kelgusida ushbu hududlarda yashovchi aholining yashash manzili nomiga va kadastr hujjatlariga tegishli o`zgartirishlar kiritish zaruratini yuzaga keltiradi.
O`z navbatida fuqarolar mavjud kadastr hujjatlarini yangisiga almashtirishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq ma’lum bir to`lovlarni amalga oshirar edi.
Joriy yilning 28 sentyabrь kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 541-son qarori bilan Hukumatning 2014 yil 10 iyuldagi “Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to`g`risida”gi 186-son qaroriga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Unga muvofiq endilikda qonunchilik hujjatlariga muvofiq aholi punktlarining nomlanishi va chegaralari o`zgarganda, shu jumladan bir hududdan boshqa hududga o`tkazilganda (turar yoki noturar ko`chmas mulk ob’yektida rekonstruktsiya, qo`shimcha va alohida qurilish mavjud bo`lgan hollar bundan mustasno) davlat xizmatlari ko`rsatilganligi uchun yig`imlar undirilmasligi belgilandi.
Ma’lumot uchun. Oliy Majlis Senatining “Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O`rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug`bek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o`zgartirish to`g`risida” 2021 yil 27 avgustdagi SQ-379-IV-son qarori bilan Toshkent viloyatining bir qator aholi punktlari Toshkent shahriga o`tkazilgan bo`lib, ushbu hududlarda yashovchi aholimiz mazkur qulaylikdan foydalanishlari mumkin.
Pop tuman adliya bo`limi
Biometrik pasport yo`qotib qo`yilganda nima qilish kerak?
Pasportini yo`qotib qo`ygan fuqaro zudlik bilan doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olingan joyidagi ma’lumotlarni yig`ish punktiga xabar berishi lozim.
Vaqtincha xorijda bo`lgan fuqarolar pasportini yo`qotgan, pasporti yaroqsiz holga kelgan yoki uning amal qilish muddati tugagan hollarda O`zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasini olish uchun O`zbekiston Respublikasining konsullik muassasasiga murojaat etadilar.
Konsullik muassasiga taqdim etiladigan hujjatlar:
• ariza;
• pasport nusxasi (agar bor bo`lsa);
• O`zbekistondan chiqish varaqasi nusxasi (MDH mamlakatlariga doimiy yashash uchun kelganlarga);
• pasport yo`qolganligi yoki o`g`irlanganligini tasdiqlovchi mahalliy organlar tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
• fotosurat – 2 dona (3,5x4,5 mm hajmda);
• konsullik to`lovi.
Agarda pasportlari yo`qolgani haqida ariza bergan fuqarolar pasportlarini topib olsalar, pasport egalarining yozma arizalariga asosan pasport yo`qolgani haqidagi ish yuritish tugatiladi. Agarda yo`qolgan pasportlar yangi pasport berilganidan keyin topilgan taqdirda, fuqarolar topilgan pasportlarni zudlik bilan ichki ishlar organlariga topshirishlari lozim.
Pasportlar o`g`irlangan hollarda bu haqdagi arizalar jinoyat sodir etilgan joydagi yoki fuqaroning yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlari xodimlari tomonidan qabul qilinadi. Bunday arizalar qabul qilinganligi haqida fuqarolarga ma’lumotnomalar beriladi va ular ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
Fuqaro pasport yo`qolgani haqida ariza berilgan kundan boshlab 1 oy ichida yangi pasport belgilangan tartibda beriladi.
Pasportni qasddan yaroqsizlantirish yoki ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo`qotib qo`yish ma’muriy javobgarlikka sabab bo`ladi.
Pop tuman adliya bo`limi
QONUNChILIKDAGI YaNGILIKLAR
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig`imlar miqdori belgilandi
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig`imlar miqdorini belgilash, ularni to`lash va taqsimlash tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi (ro`yxat raqami 3388, 28.09.2022 y.)
📝 Nizomga ko`ra, O`zbekistonda mayning va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar (maynerlar va xizmatlar provayderlari) tomonidan ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yig`imlar to`lanadi.
🔰Shunga ko`ra, yig`imlar BHMga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
🔹mayning faoliyati uchun – BHMning 10 baravari (3 mln so`m);
🔹xizmatlar provayderlari bo`yicha:
▫️kripto-birja faoliyati uchun – BHMning 400 baravari (120 mln so`m);
▫️mayning-pul faoliyati uchun – BHMning 100 baravari (30 mln so`m);
▫️kripto-depozitariy faoliyati uchun – BHMning 5 baravari (1,5 mln so`m);
▫️kripto-do`kon faoliyati uchun – BHMning 20 baravari (6 mln so`m).
🗓 Yig`imlar maynerlar va xizmatlar provayderlari tomonidan litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan paytdan e’tiboran har oyda to`lanadi.
Pop tuman adliya bo`limi